Файл: Ozbekiston respublikasi oliy va orta maxsus talim vazirligi ozbekistonning eng yangi.docx
ВУЗ: Не указан
Категория: Не указан
Дисциплина: Не указана
Добавлен: 16.10.2024
Просмотров: 81
Скачиваний: 0
ВНИМАНИЕ! Если данный файл нарушает Ваши авторские права, то обязательно сообщите нам.
Uchinchi bosqich esa, 2010 yildan keyingi davr bo‘lib, bunda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, sud huquqi va axborot sohalarini isloh qilish, saylov huquqi erkinligini ta’minlash, fuqarolik institutlarini rivojlantirish, bozor islohotlarini va iqtisodiyotni liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish davri bo‘lib qoldi. Ushbu davrning boshlanishi Birinichi Prezidentimiz I.A.Karimov tomonidan mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish va demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish konsepsiyasining ishlab chiqarilishi bilan bog‘liqdir.
Shuningdek, O’zbekistonning eng yangi tarixida yuqoridagi bosqichlarga qo’shimcha ravishda 2017-yildan keyingi davrni ham alohida jarayon sifatida qabul qilish mumkinki, bu davr tarixi 2016-dekabr oyida saylangan O’zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev strategik taraqqiyotga asoslangan keng ko’lamli jadal islohotlar davri boshlanganligi bilan izohlash mumkin.
Ta’kidlash lozimki, taklif etilayotgan ushbu davrlashtirish bu mavzuni yakunlamaydi. Tarix fanini o‘qitish borasida dolzarb bo‘lib turgan davrlashtirish masalalari hali jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi tabiiydir. Ammo, bu yo‘nalishda aniq konsepsiya ishlab chiqilib, o‘quv jarayoniga joriy etilishi davr talabidir.
4. XXI globallashuv asrida ta’lim sohasida mazkur fanni o‘qitishdagi nazariy-konseptual yondashuv va ilg‘or innovatsiyalar.
Mustaqilikka erishganimizdan keyingi davrda O’zbekistonning eng yangi tarixini yozish soha hodimlari oldidagi dolzarb masalalardan biri bo’lib, bu o’rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshida “O‘zbekistonning yangi tarixi markazini tashkil ” to‘g‘risidagi Farmoyishiga muvofiq hamda xalqimizning yangi tarixini o‘rganish va yozish, mamlakatimiz hayotida sodir bo‘layotgan buyuk o‘zgarishlar va uning jahonshumul tarixiy ahamiyatini ko‘rsatishni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi 1996-yildagi 16-dekabrdagi “O‘zbekistonning yangi tarixi”ni tayyorlash va nashr etish to‘g‘risida qarorining o’rni nihoyatda ahamiyatli hisoblanadi. Ushbu qarorga ko’ra, O‘zbekistonning yangi tarixi”ni yozishda quyidagi asosiy yo‘nalishlar e’tiborga olinishi belgilab qo’yildi:
-xalqimiz o‘tmishidagi millat taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy jarayonlarni chuqur ilmiy tadqiq etish va xolisona yoritish;
-“O‘zbekistonning yangi tarixi”ni yozishda tarix bosqichlari va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot uzluksiz jarayon ekanligini nazarda tutish, tarixiylik va vorisiylik tamoyillariga amal qilish;
-O‘zbekiston xalqining buyuk tarixiy merosga ega ekanligi va umumbashariyat qadriyatlariga munosib hissa qo‘shganligini e’tirof etgan holda, o‘ziga xos davlat qurilishi an’analari va ularga nisbatan fikrlar, qarashlar xilma-xilligi mavjudligini hisobga olish;
-“O‘zbekistonning yangi tarixi”ning har bir qism va bo‘limlarini yozishda bir yoqlama, sub’ektiv yondashuvlarga yo‘l qo‘ymasdan yagona tadqiqot uslubiga amal qilish;
-O‘zbekiston tarixiga oid voqea-hodisalarni yoritishda uning ko‘hna Turonzamin, Turkiston tarixining tarkibiy qismi bo‘lganligini yodda saqlash;
-O‘zbekiston tarixi dunyoning turli mintaqalarida sodir bo‘lgan ijtimoiy-tarixiy voqea — hodisalar hamda jahon taraqqiyoti jarayonlari bilan uzviy bog‘liq ekanligini va ularning bir-biriga o‘zaro ta’sirini hisobga olish;
-tadqiqot yaratishda eski kommunistik-bolshevistik mafkura aqidalariga va o‘tmishni soxtalashtirishga yo‘l qo‘ymaslik, tarixiy jarayonlarni xolisona baholash;
-yoshlarni milliy istiqlol g‘oyalari, vatanparvarlik va umuminsoniylik ruhida tarbiyalashda tarixiy voqea-hodisalarning ahamiyatini e’tiborga olish.
“O‘zbekiston milliy davlatchiligining vujudga kelishi va taraqqiy topishining eng yangi tarixini tadqiq etish va o‘qitish, ilmiy, ilmiy-ommabop, o‘quv-metodik, ma’rifiy adabiyotlarni tayyorlash va chop etish, ilm-fanning ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalar bilan integratsiyasi mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish borasida ilmiy, madaniy, ta’lim, jamoat muassasalari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarining samaradorligini oshirish, yoshlarda, avvalambor umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar o‘quvchilarida, oliy o‘quv muassasalari talabalarida mamlakat tarixi haqidagi chuqur bilimlarni shakllantirish maqsadida” O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ham O’zbekistonning eng yangi tarixini yaratishda muhim burilish bo’lib xizmat qildi. Mazkur qaror bilan O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashining quyidagi asosiy vazifalari belgilandi:
-demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning “o‘zbek modeli” mohiyati va mazmunini, jamiyatda barqarorlikni, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni saqlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni, hozirgi dunyoda O‘zbekistonning roli va o‘rnini chuqur o‘rganish va yaqqol ochib berish;
-O‘zbekistonning eng yangi tarixini zamonaviy nazariy-metodologik, fanlararo yondashuvlarga, tarixiylik va xolislik tamoyillariga asoslangan holda tizimli o‘rganishni tashkil etish, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha dolzarb muammolarni ishlab chiqish, shuningdek, buyuk tarixiy-madaniy merosga ega bo‘lgan va jahon sivilizatsiyasining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kuniga baho berishda bir yoqlama yondashuvlarga, aqidaparastlikka yo‘l qo‘ymaslik ishlarini muvofiqlashtirish;
-ilmiy, o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini tayyorlash va chop etish ishlarini muvofiqlashtirish, ularda O‘zbekistonning eng yangi tarixini umumjahon va mintaqaviy jarayonlar bilan, shuningdek, hozirgi O‘zbekiston hududida shakllangan xalqlar va davlatlar sivilizatsiyasining tarixiy-madaniy merosi bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rib chiqishni ta’minlash;
-O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha ilmiy, o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlar, o‘quv dasturlari monitoringini olib borish;
-sohada ilmiy-tadqiqot, o‘quv-metodik ishlarning sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va joriy etish;
-fuqarolarda tarixiy xotira, milliy o‘zlikni anglash, yuksak ma’naviyat, xalqning tarixiy an’analari, madaniy merosiga hurmat, O‘zbekiston mustaqillikka erishganligining buyuk tarixiy ahamiyatini anglash kabi fazilatlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali oshirib borishga ko‘maklashish;
-O‘zbekiston tarixi bo‘yicha zamonaviy chet el ilmiy va o‘quv adabiyotlarini o‘rganishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, hozirgi O‘zbekistonning tarixiy o‘tmishi, sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi, mamlakatda olib borilayotgan demokratik islohotlar to‘g‘risidagi xolis axborotni keng xalqaro jamoatchilikka yetkazish.
-Qarorda ijtimoiy-gumanitar fanlarni ta’lim bilan integratsiyalashuvini mustahkamlash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
-Jamoatchilik kengashi shuningdek, “Tarix” ta’lim yo‘nalishi va tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha malaka talablarini ishlab chiqishda qatnashishi mustahkamlab qo‘yildi.
-Jamoatchilik kengashining ishchi organi sifatida O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz belgilangan bo‘lib, uning asosiy vazifalari sifatida Jamoatchilik kengashi faoliyatini ilmiy-metodik ta’minlash, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish bo‘yicha dolzarb masalalarni ishlab chiqish, O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlar yaratish yuzasidan tanlovlar o‘tkazishda ishtirok etish, davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida O‘zbekistonning eng yangi tarixi tadqiqotlari bo‘yicha ilmiy-texnika loyihalari tanlovlarini vazifalari ro‘yxatiga kiritish uchun takliflar ishlab chiqish hamda ularni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Fan va texnologiyalar agentligiga kiritish, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishning nazariy-metodologik asoslarini takomillashtirish yuzasidan tadqiqotlar olib borish, har yili O‘zbekiston eng yangi tarixining dolzarb masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro va respublika konferensiya va seminarlari ro‘yxatini belgilangan tartibda ishlab chiqish belgilangan.
Dunyoda, xususan, O‘zbekistonda yuz berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar davrida tarix fani ham bir qator masalalarni qayta ko‘rib chiqish va chuqur o‘rganish muammosiga duch kelmoqda. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoevning 2018 yil 18 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “...milliy o‘zligimizni anglash, Vatanimizning qadimiy va boy tarixini o‘rganish, bu borada ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish, gumanitar soha olimlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, lozim”, degan fikrlari5 sohaning oldiga ko’plab ilmiy masalalarni ko’ndalang qo’yadi.
Savol va topshiriqlar.
1. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining predmeti va obyekti nimalardan iborat?
2. “Tarix- xalq ma’naviyatining asosidir” iborasini qanday tushunasiz?
3. O’zbekiston tarixini davrlashtirish masalasi?
4. O’zbekistonning eng yangi tarixi qaysi davrdan boshlangan tarixiy jarayonlarni o’z ichiga oladi?
5. O‘zbekistonning eng yangi tarixi materiallari, tarixiy jarayonlarning talqini sobiq tuzum davrida an’anaga aylangan-sinfiylik, partiyaviylik kabi soxta tamoyillardan qaysi jihatlari farq qilishi lozim?
6. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining metodologik (uslubiy) ilmiy-nazariy o’zida nimalarni qamrab oladi?
7. O’zbekistonning eng yangi tarixining metodologik (uslubiy), ilmiy usul va tamoyillariga nimalar kiradi?
8. O’zbekistonda nechanchi yildan keng qamrovli stretegik tadqiqotlarga asoslangan davr boshlandi?
9. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasinining “O‘zbekistonning yangi tarixi”ni tayyorlash va nashr etish to‘g‘risida qarorining mohiyati nimalardan iborat?
10. Prezidenti SH.M.Mirziyoevning 2018 yil 18 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida gumanitar soha hodimlari oldiga qanday ustuvor vazifalarni qo’ydi?
2-MAVZU.
MUSTAQILLIKKA ERISHISH ARAFASIDA O‘ZBEKISTONDAGI IJTIMOIY-SIYOSIY JARAYONLAR.
Darsning o‘quv maqsadi: Talabalarga Mustaqillikka erishish arafasida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqida ma’lumot berish.
Tayanch iboralar: sovet tuzumi, “Paxta ishi”, “O‘zbek ishi”, “Sharqiy front”, “qayta qurish”, panturkizm, erkin yoshlar uyushmasi, Orol fojeasi.
Reja:
1. XX asrning 80-yillari oxirida O‘zbekistonda yuzaga kelgan keskin va jiddiy vaziyat.
2. O‘zbekistonda qatag‘onlikning yangi bosqichi. “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” nomli soxta ishlar.
3. I.Karimovning O‘zKompartiyasi Markaziy Kengashining birinchi kotibi etib tayinlanishi.
4. O’zbekistonda prezidentlik lavozimining joriy etilishi.
1. XX asrning 80-yillari oxirida O‘zbekistonda yuzaga kelgan keskin va jiddiy vaziyat.
SSSRdagi "qayta qurish" jarayoni avval boshdanoq siyosiy sohani qamrab oldi. Iqtisodiy islohotlar esa unga bo‘ysunuvchan ahamiyat kasb etdi. Oradan ko‘p o‘tmay, jadallashib borayotgan siyosiy jarayonlar (oshkoralik, demokratiya) bilan sust rivojlanayotgan iqtisodiyot o‘rtasida katta farq ko‘zga tashlana boshladi. Bu paytda SSSRning tarkibiy qismi bo‘lgan O‘zbekiston SSR ham qayta qurish girdobiga tortildi, uning qonuniyatlariga amal qildi.
Qayta qurishning birinchi bosqichi (1985-1986 yillar)asosan ma’muriy-tashkiliy tadbirlarning an’anaviy usullarda olib borilishi bilan xarakterlanadi. Mazkur bosqichda kun tartibiga qo‘yilgan vazifalardan biri ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini ishlab chiqarishga jalb etish asosida jamiyatda tub iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish va uniig asnosida inson omilini faollashtirishdan iborat bo‘ldi.
Qayta qurishning dastlabki davrlarida asosiy e’tibor mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, fan-texnika taraqqiyotini jadallashtirishga qaratildi. SHuning uchun ham 1986 yil 1 mart kuni KPSS XXVII s’ezdining KPSS Markaziy Komiteti siyosiy ma’ruzasi yuzasidan qabul qilingan rezolyusiyada fan-texnika taraqqiyotini jadallashtirish masalasiga katta e’tibor qaratilgan edi.
Xullas, qayta qurishning dastlabki davrlarida asosiy e’tibor mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratildi. Ammo, bunday jarayonni ijtimoiy munosabatlarni takomillashtirmasdan amalga oshirish mumkin emasligi tezda ayon bo‘ldi. SHuning uchun 1986 yilda qayta qurish va ijtimoiy munosabatlar masalasiga alohida e’tibor qaratishga majbur bo‘lindi. Bunday siyosatning markazida esa jamiyatni demokratlashtirish, ma’muriy-buyruqbozlik va byurokratizmga, qonunsizlikka qarshi qurash turar edi.
Bu davrda butun Sovet Ittifoqida bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham dastlab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotda ma’lum o‘zgarishlar yuz bera boshladi, kishilarning ijtimoiy faolligi oshdi, demokratiya sari ayrim qadamlar tashlandi, milliy o‘zlikni anglash jarayoni boshlandi. Ammo, tub o‘zgarishlar va barcha sohalarda haqiqiy islohotlarni amalga oshirish yo‘lidagi o‘rinishlar muvaffaqiyat qozonmadi. Statistik ko‘rsatkichdarda qayd etilishicha, 1986 yildan boshlab mamlakat iqtisodiy ahvoli battar yomonlasha boshladi, 1987 yil yanvardan ishlab chiqarish sur’atlari keskin pasaya bordi, iqtisodiyotda inqirozli holat yuzaga keldi. Qayta qurishning birinchi bosqichi shu tarzda mag‘lubiyatga uchradi.
Qayta qurishning ikkinchi bosqichi (1987-1990 yillar) jamiyatning barcha jabhalarini kompleks tarzda isloh qilishni kun tartibiga qo‘ydi. Bunday vazifa kommunistik mafkura tomonidan 1987 yil yanvarda yanada aniqlashtirildi. Moskva shahrida 1987 yil 27-28 yanvarda bo‘lib o‘tgan KPSS MK Plenumida KPSS Markaziy Komitetining Bosh sekretari M.S.Gorbachyov "Qayta qurish va partiyaning kadrlar siyosati to‘g‘risida" ma’ruza qildi. Unda siyosiy islohotlarning acociy maqsadi oshkoralik va kadrlar siyosatini to‘g‘ri yuritish asosida sovet jamiyatini to‘liq demokratlashtirishga e’tibor qaratildi. Keyinchalik M.S.Gorbachyov o‘zining qayta qurish haqidagi mashhur kitobida bu g‘oyalarini davom ettirdi. Biroq siyosiy tuzumni isloh qilish va demokratlashtirish, keng xalq ommasining siyosiy va tarixiy jarayonlarda ishtirok etishi Markaz uchun qutilmagan oqibatlarga olib kelishi natijasida Moskva tomonidan siyosiy va iqtisodiy islohotlar boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yildi. Oqibatda 1990 yil nafaqat qayta qurishning ikkinchi bosqichi, balki SSSR aholisi, balki butun dunyo umid ko‘zi bilan qarayotgan qayta qurish siyosati butunlay mag‘lubiyatga uchradi. Bu holat ham SSSR inqirozini tezlashtirdi va uning parchalanishiga olib keldi.
Mamlakatda tub demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish, boshlangan islohotlarii ohiriga etkazish mumkin bo‘lmadi. Bu quyidagi uch sabab bilan izohlanadi: birinchidan, qayta qurishning aniq, izchil, ilmiy jihatdan puxta ishlab chiqilgan strategiya va taktikasi hamda yagona dasturi yo‘q edi. Ikkinchidan, kommunistik partiya rahbarlari (partokratiya) qayta qurish g‘alabasidan manfaatdor emas edi. Ular har qanday demokratiya va oshkoralik totalitar tuzumning kushandasi ekanligini yaxshi bilishardi. Uchinchidan, M.S.Gorbachyov g‘oyasi asosida qayta qurishni amalga oshirish mumkin emas edi. Sotsializmga hos sinfiy munosabatlar, davlat mulkchiligi, milliy va ijtimoiy sohadagi siyosat yakkapartiyaviy rahbarlik, kommunistik mafkura, mustabid boshqaruv usuli hech qachon demokratiya bilan kelisha olmas edi.
Ma’lumki, qayta qurish yuqoridan boshlandi. Mazkur jarayonning boshlanish paytida jamiyat a’zolari unga juda katta umid bog‘ladilar. Ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, ayrim siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar kishilarda ertangi kun va porloq kelajakka ishonch ruhini yana uyg‘otdi. Dastlabki davrda qayta qurish rahnamolari, ya’ni, yuqorining quyi bilan munosabatlarida ma’lum kelishuvchilik, xayrixohlik sezildi.
Lekin, keyinchalik vaziyat butkul o‘zgardi. 1986-1987 yillardan boshlangan iqtisodiy inqirozning kuchayishi, ijtimoiy muammolarni hal etishdagi o‘quvsizlik demokratik jarayonlar va oshkoralikning yarim yo‘lda qolib ketishi - bularning barchasi jamiyat a’zolarida qayta qurishga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirdi. Qayta qurishning uchinchi yilida uning to‘liq mag‘lub bo‘lishi aniq ko‘zga tashlanib qoldi. Amaliy ishlar, foydali tadbirlar o‘rniga siyosiy jabhadagi turli tadbirlar: siyosiy safsatabozlik, quruq va’dalar, so‘z bilan ish birligining yo‘qligi jamiyatdagi loqaydlik holatini yanada kuchaytirdi. Ijtimoiy faollik o‘rnini sustkashlik, davlat va firqa siyosatiga ishonmaslik, befarqlik va sovuqqonlik egalladi.
Qayta qurish oshkoralik, demokratiya za fikrlar hilma-hilligining ma’lum ma’noda kuchayishiga imkon yaratdi. SHu bilan birga, bunday jarayonlarni madaniy shaklda xalqaro andozalar asosida olib borish imkoni bo‘lmadi. Buning ustiga Ittifoqqa nisbatan O‘zbekistonda respublika rahbariyati demokratiya va oshkoralikning kuchayishiga turli to‘siqlar qo‘ydi. Bunga ko‘proq kommunistik mafkuraning yakkahokimligi, ma’muriy-buyruqbozlik tizimi asoratlari ta’sir qilar edi. Natijada tom ma’nodagi oshkoralikka erishib bo‘lmadi, demokratiya esa amalda navbatdagi siyosiy o‘yinlar qo‘rinishini oldi. Fikrlar hilma-hilligining turli ko‘rinishlari esa yuqorining siyosiy va g‘oyaviy masalalarda hurfikrlilik va demokratiyani ta’kib etishi asnosida yuz berdi.
Ana shunday sharoitda O‘zbekistonning o‘sha paytdagi siyosiy rahbariyati Markaz oldida o‘zining no‘noq va noshudligini ko‘rsatdi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteta rahbariyati Markazdan qochish, uni inkor etish siyosati o‘rniga ko‘proq unga yaqinlashish va mustahkam birlashish yo‘lini tanladi.
O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitet birinchi kotiblari I.Usmonxo‘jaev va R.Nishonovda qat’iy jur’at, Ittifoq doirasida respublikaning tutgan o‘rnini ochiq-oydin aytish uchun mardlik va iroda etishmadi. Aksincha, bu rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari Markaz vazifalarini tezroq uddalash, respublikaning Ittifoqqa boqimanda ekanligi to‘g‘risidagi sohta fikrlarni tasdiqlash va takrorlashdan nariga o‘tmadilar. Ijtimoiy va ma’naviy sohada milliylikning har bir ko‘rinishi internatsionalizm mohiyatiga yot ekanligini isbotlashga harakat qilindi. Bu narsa o‘zbek tiliga munosabat, islom dini, milliy urf-odatlar, an’analar va diniy marosimlar, xususan, Navro‘z bayramiga munosabatda yaqqol ko‘rindi.
2. O‘zbekistonda qatag‘onlikning yangi bosqichi. “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” nomli soxta ishlar.
Ma’muriy-buyruqbozlik hamda kommunistik mafkuraga asoslangan sovet davlati o‘z ichki siyosiy mavqeini mustahkamlash maqsadida ma’lum davrlarda zo‘ravonlik siyosatini amalga oshirib turdi. Tazyiq, zo‘ravonlik va qatag‘onlar boshqa xalqlar ichida milliy ruh va o‘zlikni yo‘qotishga, loqaydlik kabi kayfiyatlarni yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Sovet davlati tomonidan boshlangan qatag‘onlarning ohirgi davri O‘zbekistonda XX asr 80-yillarida ''paxta ishi", keyinroq "o‘zbeklar ishi" degan ma’shum nom ostida tarixga kirdi. Sovet davlatini qamrab ola boshlagan inqiroziy holatlarni mavjud tuzum negizida emas, balki «yuzaga kelgan salbiy illatlarda» deb bilgan markaz, O‘zbekistonni tajriba-sinov maydoni sifatida tanlab oldi.